Toshkent viloyatida issiqlik energiyasi ta’minotini yanada takomillashtirish, aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish uchun tarmoqni modernizatsiya qilish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilyapti.
Xususan, yaqinda Angren shahrida “Issiqlik energiyasi” DUK tasarrufida bo‘lgan issiqlik energiyasini o‘lchash punktlariga zamonaviy qurilmalar o‘rnatildi. Xo‘sh, issiqlik darajasi, bosimi va xarajatlarni o‘lchashga moslashgan, muqobil energiyadan to‘yinuvchi mazkur zamonaviy qurilmalarning qanday afzalliklari bor?
Bu haqda Toshkent viloyati “Issiqlik manbai” DUK ishlab chiqarish boshqarmasi rahbari Oybek Ochilov ma’lumot berdi.
– Prezidentimizning 2021 yil 20 maydagi “Toshkent viloyatida tadbirkorlikni yanada qo‘llab-quvvatlash va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq joylarda amalga oshiriladigan loyiha bo‘yicha magistral issiqlik tarmoqlari bo‘linish nuqtalarida issiqlik energiyasini hisobga olish uskunalarini o‘rnatish belgilangan. Uning afzalligi shundaki, ushbu qurilma asosiy manbadan uzatilayotgan issiqlikni o‘lchash imkoniyatini beradi. Ilgari “Angren issiqlik energiyasi” davlat unitar korxonasining magistral va ichki issiqlik tarmoqlari eskirishi natijasida issiqlik energiyasining ortiqcha sarflanish holatlari kuzatilar edi. Bu ko‘rsatkich yiliga taxminan 30 foizni tashkil etgan.
Bundan tashqari, issiqlikning harorat jadvaliga rioya qilmasdan yetkazib berilishi oqibatida tarmoqning oxirgi nuqtalari joylashgan hududdagi iste’molchilarga past parametrlarda yetib borgan. Endilikda mazkur qurilmaning o‘rnatilishi shu kabi ko‘plab noqulayliklarga duch kelayotgan shahar aholisi uchun ayni muddao bo‘ldi. Hozirda Angren shahrida bu kabi zamonaviy qurilmalar jami 18 tani tashkil etadi.
Bu kabi zamon talablariga mos, energiya tejamkor qurilmalarning o‘rnatilishi yetkazib berish xarajatlarini kamaytirish, issiqlik ta’minotini to‘g‘ri taqsimlash, xomashyo va moliyaviy resurslardan samarali, oqilona foydalanish imkonini beradi. Ushbu qurilmalar zamonaviy axborot texnologiyalari asosida yagona server tizimiga ulanganidan so‘ng, mutaxassislar barcha hududlarni elektron nazorat qilish uchun zamin yaratiladi.
Amalda bo‘layotgan ish salmog‘ini markazdan turib nazorat qilish, ortiqcha vaqt va ishchi kuchi sarfi tejalishiga erishiladi. Quvurlarda yorilish holatlari yuzaga kelgan taqdirda o‘z vaqtida aniqlab, bartaraf etilishi uchun qulay imkoniyat yaratiladi.
A.Musayev, O‘zA
