Ma’lumki, aholini qiynayotgan muammo va masalalarga o‘z vaqtida munosib yechim topish, bu orqali ularning turmush darajasini yaxshilash bugungi islohotlarning bosh zamiri sanaladi. Ahamiyatlisi, bugun inson qadrining ustuvor ekanini o‘z taqdiri misolida ko‘rayotgan, his qilayotgan yurtdoshlarimiz kun sayin ortib bormoqda. Poytaxtimizning Olmazor tumani “Guzarboshi” MFYda istiqomat qiluvchi Anvar Yo‘ldoshev ham bugun o‘zining Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligiga qilgan murojaati ijobiy yechim topganidan mamnun.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Davron Adilov qabulida ko‘rib chiqilgan masala fuqaroning yashash joyi yonginasida kechayotgan qurilish ishlari bilan bog‘liq. O‘rganishlar davomida Olmazor tumani Farobiy va Hurriyat tor ko‘chalarida joylashgan 6,9,15,37A- son uylar manzilida pastki qavati savdo-maishiy xizmat ko‘rsatish bo‘lgan biznes markazi hamda avtoturargoh majmuasini qurish obyektida ShNQda belgilangan ayrim talablarning bajarilmagani, shuningdek, qurilish jarayonida aniqlangan xato va kamchiliklar yuzasidan tegishli choralar ko‘rilib, qurilish ishlari vaqtincha to‘xtatildi.



